Assalomu alaykum. Dasturni ishlab chiqish davomida biz tashqi kutubxonalardan foydalanishga majbur bo’lamiz. Chunki hamma narsani noldan yozib chiqish uchun bizda vaqt ham, kuch ham kamlik qiladi. Hozirgi kunda ko’plab open-source kutubxonalarni githubdan topishimiz mumkin. Githubda siz izlagan kutubxonalardan juda ham ko’p bo’lishi mumkin va siz ulardan to’g’risini tanlab olishingiz kerak bo’ladi. Bu maqolamizda men siz bilan githubda to’g’ri kutubxona tanlash bo’yicha o’z tajribamdan kelib chiqib ba’zi maslahatlarni bermoqchiman.

Yulduzchalar soni

github yulduzchalar soni

Githubda biror bir lohiyaga yulduzcha berish imkoniyati bor, ya’ni agar sizga kimningdur yozgan kutubxonasi yoki lohiyasi yoqsa unga yulduzcha qo’yishingiz mumkin. Qancha ko’p yulduzcha bo’lsa shuncha ko’p odamga yoqqanligini bildiradi. Shunday ekan yulduzchalar soniga e’tibor bering.

Issue lar soni

github issuelar soni
Github issues

Issuelar bu kutubxona o’rnatish va ishlatish davomida foydalanuvchilarda yuzaga kelgan muammolar bo’lib, ular ochiq (open) yoki yopiq (closed) bo’lishi mumkin. Agar issue ochiq bo’lsa hali bu muammo hali yechimini topmaganligini bildiradi. Bu muammolarga siz ham duch kelishingiz mumkin. Shuning uchun kutubxonani o’rnatishdan avval undagi muammolarning soniga va bu muammolarning yechimi topilgan yoki yo’qligiga e’tibor bering.

Kutubxonani o’rnatganingizdan so’ng biror muammoga duch kelsangiz bu muammoni issue lar orasidan qidirib ko’rishingiz mumkin. Chunki bu muaamoga sizdan oldingi foydalanuvchilar ham duch kelgan va issue yatargan bo’lishi va buning yechimi topilgan bo’lishi mumkin.

Oxirgi marta yangilangan sana

Kutubxona dasturchi tomonidan oxirgi marta qachon yangilanganligi ham muhim ahamiyatga ega. Agar bu kutubxona 2 yil oldin yangilangan bo’lsa demak bu kodlar hozirgi payt standardlariga mos kelmasligi mumkin. Agar kodlar tez-tez yangilanib qo’shimcha imkoniyatlar qo’shilib, yuzaga kelgan xatoliklar hal qilinib tursa (bug fix) kutubxonani ishlatish davomida xatoliklar yuzaga kelishi ehtimolini kamaytiradi.

Kodning sifati

Kutubxona siz xohlagan ishni bajarsayu lekin bu ishni juda yomon usulda bajarsa bu unchalik ham yaxshi emas. Kodni yozgan dasturchining saviyasi past bo’lishi va noto’g’ri yondashuvdan ketgan bo’lishi mumkin. Shuning uchun fayllarni ochib kodni o’qib ko’rishni ham maslahat beraman. Masalan siz bu kutubxonani o’rnatganingizdan so’ng lohiyangizning tezligiga yoki xavfsizligiga ta’sir ko’rsatmasligi lozim.

Abandoned, unmaintained, need contributors

Agar siz kutubxonaning github sahifasida tepadagi so’zlardan birini ko’rsangiz demak bu kutubxona muallif tomonidan bundan buyon qo’llab quvvatlanmaydi va qo’shimcha kiritilmaydi.

abandoned github library kutubxona
Github – Abandoned

Abandoned

Abandoned – tashlab ketilgan, ya’ni endi muallif bu lohiya ustida ishlamoqchi emas. Bunga sabab muallifning vaqti yo’qligi yoki boshqa biror bir sabab bo’lishi mumkin. Masalan bu kutubxonadan yaxshiroq biror bir kutubxona bo’lsa shuni maslahat berishi ham mumkin tepadagi rasm kabi. (Abandoned – Use i18n-js instead)

Unmaintained

Unmaintained ham abandonedga o’xshab ketadi, bu muallifning lohiyaga qo’shimcha imkoniyatlar qo’shmayotganligi va xatoliklarni to’g’irlamayotganligini bildiradi.

Need contributors

Bu esa loyiha yordam beradigan qo’shimcha dasturchilar kerakligini anglatadi. Ya’ni muallifning o’zi vaqt ajrata olmayotgan bo’lishi yoki qiynalayotgan bo’lishi mumkin. Bu so’z hali muallif lohiyani butunlay tashlab qo’yganini anglatmaydi, lekin vaqt ajrata olmayotganlini bildiradi deb o’ylayman.

Dasturlash.Net dan uzoqlashmang.